Dushanba, 20, May, 2024

Xalqimizning ulug’ farzandi, O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov har bir yurtdoshimizning qalbidan chuqur joy olgan, kattayu kichikning birday qadrli va aziz insoni edi.

Yo’lboshchimizning ona Vatanimizni mustaqil taraqqiyot sari boshlash, mamlakatimizni jahon hamjamiyatida o’z o’rni, nufuziga ega davlatlar qatoriga qo’shish, xalqimiz tinchligi, farovonligini ta'minlash borasidagi xizmatlari har birimiz uchun beqiyos ibrat va yuksak muhabbat ifodasi bo’lib qoladi.

Istiqlolimiz Me'mori elim deb, yurtim deb yonib yashadi. O’zbekistonning har bir fuqarosi dinidan, millatidan qat'i nazar, baxtli va farovon turmush kechirishi uchun ozod va obod Vatanni bunyod etdi. Uning xotirasi qalbimizda abadiy yashaydi, aziz siymosi barchamizni hamjihatlik, birdamlik bilan, qo’lni qo’lga berib istiqlolimizni yanada mustahkamlashga undaydi.

“Xalq so’zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyatiga buyuk davlat va siyosat arbobini yod etib, chuqur hurmat va ehtirom aks etgan yuzlab xatlar kelmoqda. Ular bilan tanishar ekanmiz, yurtdoshlarimizning qalb haroratiga yo’g’rilgan so’zlaridan Birinchi Prezidentimizga bo’lgan samimiy va cheksiz mehr-muhabbatini anglaymiz. 

Jumladan, Qoraqalpog’iston Respublikasi, To’rtko’l tumanidan Shirin Mambetova shunday yozadi: “Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz chorak asr mobaynida bemisl o’zgarishlar, yangilanishlarga yuz tutdi. Ana shu yigirma besh yil zarhal harflar bilan bitgulik sahifalarga boy bo’ldi. Xalqimiz jadal taraqqiyot yo’liga chiqib oldi. U kishining qoraqalpog’istonliklar uchun qilgan yaxshiliklarini sanab adog’iga yetish mushkul. Birgina “Asr mo’'jizasi” deb ta'riflasa arziydigan Ustyurtda qad rostlagan gaz-kimyo majmuasini olaylik. Qush uchsa qanoti, odam  yursa oyog’i kuyadigan bu sahro bugun bog’u bo’stonga aylandi. Qisqacha aytganda, cho’l bag’rida dilbar shaharcha paydo bo’ldi. Birinchi Prezidentimizni g’ururimiz timsoli, desak, mubolag’a emas. Bundan buyon ham ezgu da'vatlari, boshlab bergan tashabbuslari bizni yangi marralar sari doimo chorlab turadi”.

“U kishi biz, o’qituvchilarni alohida qadrlar edilar, — deya maktub yo’llaydi Qashqadaryo viloyati, o’uzor tumanidagi 34-umumiy o’rta ta'lim maktabi o’qituvchisi Go’zal Toshmurodova. — Hamfikrlarim, maslahatchilarim, deya bizni o’zlariga yaqin olardilar. Bolalarga mehr bilan saboq berish, ularni shirin so’z ila rag’batlantirish ustozlikning yozilmagan qonun-qoidasidir. Shunday bo’lsa-da, Yurtboshimiz bu borada ham hammamizga o’rnak edilar. “Butun O’zbekiston bolalari — mening farzandlarim!” deb ardoqlardilar. Qayerda, qanday tadbirda bo’lmasin, navqiron avlod haqida otalarcha g’amxo’rlik bilan gapirardilar. Yoshlarga hyech kimdan kam bo’lmagan sharoitlarni yaratib berish kerakligini uqtirardilar va amalda ta'lim-tarbiya sohasida juda ko’p ezgu ishlarni ro’yobga chiqardilar.  Shu go’zal hayotimiz, farovon turmushimiz haqqi-hurmati Yo’lboshchimiz xotirasi qalbimizda mangu yashaydi”.

“Mustaqillik xalqimizning tarixiy g’alabasidir, — deb o’z maktubini boshlaydi “Nuroniy” jamg’armasi Kogon shahar bo’limi Kengashi raisi Mo’min Ravshanov. — Taraqqiyotning “o’zbek modeli” yigirma besh yil davomida davrning barcha sinovidan o’tib, o’zini oqladi. Uning sharofatidan bugun har bir xonadon bahramand. Namunaviy uy-joylar, Buxoroga kelgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi, yuzlab maktab, litsey-kollejlar, sport majmualari, zamonaviy tibbiyot muassasalari, ravon temir yo’llar va avtomagistrallar, eng ilg’or texnologiyalarga ega sanoat korxonalari barpo etilishiga, fermerlar, dunyoning eng kuchli tengdoshlari bilan turli sohalarda bellashib, g’olib chiqayotgan sportchi yoshlarimiz quvonchiga — Yurtboshimizning ezgu amallari asos bo’ldi. Metindek matonati, siyosiy mahorati, mustahkam irodasi bilan xalqimizni ozodlikka olib chiqqan, yurtimizni necha bor qonli fojialardan saqlab qolgan, xalqimizni yagona va ulug’ maqsad yo’lida birlashtirib, asriy orzularimizni ushaltirgan Prezidentimiz xotirasi avlodlardan avlodlarga mangu o’taveradi”.

Mamlakatimizdagi barcha bunyodkorliklar, obodlik, ma'murlikka olib kelgan islohotlar tashabbuskori bo’lgan Islom Karimovning milliy qadriyatlarimizni tiklash, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, tinchlikni asrab-avaylash, dunyo ahli havas qilgulik jamiyat barpo etish yo’lidagi xizmatlari abadiyatga daxldordir. Mustabid tuzum davrida qaddi bukilgan, haq-huquqlari poymol etilgan xalqimizni himoya qilish uchun eng og’ir damlarda ko’ksini qalqon tutib maydonga chiqqan Yurtboshimizning bemisl jasoratini toshkentlik N. Shermuhamedova o’z xatida quyidagicha ifodalaydi: “1988-yilda olov ichidan otilib chiqqan yolqin kabi o’sha paytda Qashqadaryo viloyatining birinchi sekretari lavozimida ishlayotgan Islom Karimovning Toshkent davlat universiteti (hozirgi O’zbekiston Milliy universiteti) Madaniyat saroyida bir guruh talabalar bilan uchrashuvda: “Endi milliy kadrlarni tayyorlash davri keldi, biz ilgarigidek yashay olmaymiz” deb yoshlarga murojaat etishi davr nuqtai nazaridan milliy o’zlikni anglashning yorqin ifodasi edi. 1989 yilda esa o’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi, 1990-yilda O’zbekiston Mustaqilligi Deklaratsiyasi qabul qilinishi, ittifoq tarkibidagi davlatlar ichida birinchi bo’lib Prezidentlik boshqaruviga o’tilishi, 1991-yilning iyun oyida 70 yil davomida odamlar ongiga e'tiqodsizlik g’oyalari singdirilgan mamlakatda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi hamda 1991-yil 31-avgustda “O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida”gi qonunlarning qabul qilinishi xalqimizning ozodligini ta'minlash yo’lidagi oqilona siyosat va mamlakatimiz rahbarining buyuk ma'naviy jasorati mahsulidir”.

Toshkent davlat texnika universitetining bir guruh o’qituvchilari — X. Akramov, S. Ahrorova, F. Primova, K. Farifiyeva, I. Aripova, K. Abdirazzoqova, N. Mamadiyeva, R. Toshmurodov, D. Kuanishova, Sh. Bekmuratova o’z maktublarida Birinchi Prezidentimizning  ta'lim sohasini isloh etishdagi tashabbuslari, xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirish borasida ko’rsatgan jonbozliklari hamda sportni rivojlantirish, o’qituvchi va murabbiylar mehnatini qadrlashga qaratilgan ulkan g’amxo’rliklarini alohida minnatdorlik bilan tilga olishgan.

“Islom Karimov xalqimizni jonu dilidan sevardi, — deya dil izhorini bayon etadi Dehqonobod tumanida yashovchi Abduqayum Bekkamov. — Baxtu saodatimiz va farovon hayotimiz uchun jonini ham fido qilishga tayyor inson edi. O’zbekiston ahli ham u kishini chin yurakdan astoydil yaxshi ko’rardi. Xalq vakillari bilan bo’lgan uchrashuvlarda Yurtboshimizning jilmayishi ham o’zi kabi samimiy va beg’ubor edi. Xalqimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir ezgu ishdan faxr-iftixor tuyg’ularini tuyardi. Biz, dehqonobodliklar ilgari tumanimiz hududidan poyezd o’tadi, bu yerda zavod ish boshlaydi, deyishsa, aslo ishonmasdik. Prezidentimiz tashabbusi bilan orzularimiz amalga oshib, endi mazkur zavodda yuzlab odamlar mehnat qilmoqda, ishidan, hayotidan rozi bo’lib umrguzaronlik qilayapti. Shunday dorilamon kunlar, gullab-yashnayotgan Vatan uchun toabad minnatdormiz”.

Turmushimiz obod, hayotimiz farovon. Bunday yangilanishlarning omillari ko’p, albatta. Buni tomorqachilik, dehqon xo’jaliklarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko’rish mumkin. Bu haqda Andijon viloyati, Andijon tumani, “Kuyganyor”  QFY, Ulug’bek ko’chasidagi 10-uyda istiqomat qiluvchi Nazir Matqosimov shunday fikrlarni bayon etadi: “Yurtboshimiz tomonidan xalq manfaatlarini o’ylab qilingan dastlabki ezgu ishlardan biri tomorqachilikni rivojlantirish bo’ldi. E'tibor bering: u kishining tashabbusi bilan 1989-1990-yillarda bir yarim milliondan ko’proq oilaga qo’shimcha yer ajratildi, 700 ming oilaga yangi tomorqa berildi. Bu davlatimiz rahbarining katta jasorati hamda xalqimiz turmushini yaxshilash yo’lida qo’yilgan zalvorli qadam edi. Buning samarasini bugun bozorlarimizdagi fayzu barakada, odamlarning hayot darajasi yaxshilanib borayotganida ko’rib turibmiz.

Keyingi yillarda issiqxonada ertaki pomidor, bodring, tarvuz, sitrus mevalar yetishtirish ko’lami kengaydi. Davr odamlarni tadbirkorlikka o’rgatdi. Qolaversa, xalqimizda berilgan imkoniyatga yarasha ko’proq daromad olish yo’lida izlanish hissi paydo bo’ldi. Bugun tomorqa qishloq aholisining daromad manbalaridan biriga aylangan. Aslida gap bunda emas. Gap odamlarning hayotiga o’zgarish kirayotganida. Ertangi kunga bo’lgan ishonchi mustahkamlanib borayotganida. Barchasining zamirida Birinchi Prezidentimizning yerni haqiqiy egasiga berish siyosatining naqadar to’g’ri ekanligi mujassam. Shu tufayli qishloq odamlarining hayot darajasi yil sayin yaxshilanayapti. Kimdan so’ramang, hammasining aytgani shu: Rahmat Sizga, Ota!”

“2011-yili muborak Haj ziyoratini ado etish nasib etdi, — deydi Tayloq tumanining Navxozota qishlog’ida yashovchi Hoshimxon ota Mustafoqulov o’z maktubida. — U yerda biz, o’zbekistonliklarga bo’lgan yuksak ehtiromdan hayratlandim. Axir har qadamda, har bir marosimda bizga alohida hurmat ko’rsatildi-da. Mezbonlar O’zbekiston haqida, bu yerdagi yangilanishlar, aziz avliyolar xotirasiga qaratilayotgan e'zoz, ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy ziyoratgohlari to’g’risida to’lqinlanib gapirib, bunday ulug’vor ishlarning boshida turgan muhtaram Prezidentimiz

Islom Karimovni har doim duo qilib turishlarini bildirishdi. Men bu so’zlarni eshitib, o’zbekistonlik ekanligimdan faxrlanib ketdim. Xalqimizning farovon hayot kechirishi, barcha-barchamizning ezgu orzularimizga erishishimiz yo’lida kechayu kunduz mehnat qilgan Yurtboshimizdan mingdan-ming rozimiz”.

Bu so’zlar nurafshon kunlar, musaffo osmon bag’ridagi shodu xurramlikka, farzandlarini baxt beshigi allalab, tinch zamin tuprog’i ulg’aytirayotgan zamonga shunchaki yetib kelmaganimizni anglatadi. Mustaqillik atalmish eng ulug’, eng aziz ne'matga qancha tahdidlarni yengib, unga erishish yillari va yo’llarida necha-necha tuhmatu dashnom, fitnayu zarbalarga dosh bergan Insonning buyukligini uqtiradi.

Yurtdoshlarimizning aksariyati o’z maktublarida yurtimizdagi bugungi tinch va osuda hayot, farovon turmushdan minnatdor ekanliklarini izhor etadilar hamda bunda Birinchi Prezidentimizning xizmatlari beqiyos ekanligini ta'kidlaydilar. Jizzax viloyati, o’allaorol shahri, o’afur o’ulom nomidagi mahallada yashovchi Toshtemir Jumanov, Navoiy viloyati “Suvoqova” davlat unitar korxonasi Xatirchi tumani filiali muhandisi Umidjon Ahmedov,

Xorazm viloyati, Hazorasp tumani, Pitnak qishlog’idan Olim Matchonov, Namangan shahri, Nurobod dahasi, Navro’z mahallasidan Shamsiddin Bahriyev, Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi “To’palang oltin balig’i” fermer xo’jaligi rahbari M. Muhammadiyev, Qarshi shahri, Xontepa mahallasi, Berdaq ko’chasi, 2-uyda yashovchi Muhtaram Davlatova, Shahrixon tumanidagi 59-umumiy o’rta ta'lim maktabining ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi Gulbahor Qosimova, Farg’ona shahridan Oybek Mirzayev, Surxondaryo viloyati Qumqo’rg’on tumani madaniyat va sport ishlari bo’limi xodimi Norqo’chqor Hoshimov kabi yurtdoshlarimiz yuborgan maktublar shular jumlasidandir. Xat mualliflari o’zlarining baxti hamda saodati deb O’zbekistonda tug’ilish va yashash nasib etganini, oqil hamda dono siyosatchi Islom Karimov mehri va g’amxo’rligidan bahramand bo’lishganini shukronalik bilan tilga olishgan.

Mana, masalan, shunday xatlardan birida muallif — Namangan viloyati, Qayqi qishlog’ida yashovchi mehnat faxriysi Sadirdin Zayniddinovning yozishicha: “Shukrona bilan aytamizki, yurtimizda tinchlik va xotirjamlik hukmron. Ko’z tegmasin, shunchalik tinchmizki, tilimizda doim shukrona. “Oilam farovon bo’lsin, mahallam, qishlog’im obodligiga hissa qo’shay, farzandlarim yaxshi o’qib, yurt koriga yarasin”, degan niyatda yuramiz ertayu kech. Ilgari kimdir vodiyga Qamchiq dovoni orqali poyezd keladi, desa unga “Bor, tushingni suvga ayt”, derdik. Birinchi Prezidentimiz esa afsonalarni haqiqatga aylantirib, Angren — Pop temir yo’li orqali Andijon, Farg’ona, Namangan viloyatlarida yashovchi aholi uchun juda katta qulaylik taqdim etdilar. Endilikda biz ham zamonaviy poyezd orqali bemalol poytaxtga borib-kelish imkoniga ega bo’ldik. Bu aziz insonni unutish qiyin. Bizga ozod va obod Vatan qoldirganingizdan umrbod minnatdormiz.

O’zbekiston uchun olamshumul o’zgarishlar qilgan,  har birimizga mehru saxovat ko’rsatgan, ezguliklarni boshlab bergan ulug’ insonning yodi hamisha qalbimizda saqlanadi”.  

Birinchi Prezidentimizning, ayniqsa, yoshlarga mehru muhabbati baland edi. Ular bilan ko’rishganda, murojaat qilganda, o’zlari ham bolalardek quvonar, yayrar edilar. Yurtboshimizning beadoq mehridan unib-o’sayotgan dilbandlarimizdan biri — O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi 3-son akademik litsey o’quvchisi Madina o’aybullayevaning mana bu so’zlari hyech kimni befarq qoldirmaydi: “Aziz bobojon! Biz sizni hyech qachon, hatto bir soniya ham yodimizdan chiqarmaymiz. Sizni ishontirib aytamizki, biz yanada ahil va inoq bo’lib yashab, Siz boshlagan ishlarni davom ettiramiz, Vatanimiz bayrog’ini xalqaro maydonlarga olib chiqib, madhiyamizni baralla aytamiz va eng asosiysi, Sizga chin ma'noda munosib farzand bo’lamiz!”

Shuningdek, tahririyatimizga Buxoro viloyatida yashovchi yoshlar nomidan maktub yo’llagan Feruza Rahmatovaning so’zlari ham kishini ta'sirlantiradi. “Muqaddas qadam-jolarda qo’nim topgan aziz avliyolar hurmati, — deya yozadi u, — farzandlaringiz baxtu iqboli, osmonimiz musaffoligi, beshikda miriqib orom olayotgan chaqaloqlarning nurli kelajagi yo’lida, ozodlik havosidan to’yib nafas olgan xalqni o’z yo’lidan hyech qachon qaytmaslikka o’rgatgan Siz — millatimiz otasidan umrbod minnatdormiz. Biz, yoshlar Siz ko’rsatgan buyuk kelajak yo’lidan hyech qachon qaytmaymiz, Siz aytgandek, hamisha marrani baland olib, dadil qadam tashlaymiz. Chunki biz hech kimdan kam emasmiz va kam bo’lmaymiz ham!”

Yo’llangan maktublar orasida aziz Yo’lboshchimiz xotirasiga bag’ishlangan she'rlar ham ko’p. Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining turli hududlarida yashovchi yurtdoshlarimizning she'rga ko’chgan ko’ngil kechinmalari hyech kimni e'tiborsiz qoldirmaydi. Xorazm viloyati, Gurlan tumani, Feruz ko’chasi, 6-uyda yashovchi Robiya Sobirova, Farg’ona viloyatining Beshariq tumanidan Dilfuza Bannobova, Toshkent shahri, Yunusobod tumanidan Doniyor Qobilov, Farg’ona viloyati, Buvayda tumani, Buvayda qishlog’i, Elobod ko’chasi, 44-uyda yashovchi Nabijon Mamadaliyev, Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Guliston qishlog’idan Bashira Mahkamova, Dehqonobod tumanidan To’lqin Amonov, Mehriniso Saidova shular jumlasidandir. Sirdaryo viloyati, Xovos tumanilik mehnat faxriysi Abdurazzoq O’sarov she'rida shunday satrlar bor:

...Millat dardi bilan bir edi dardi,

Istiqlol sha'niga baxsh etdi kuchin.

Aziz boshidagi sochlar oqardi,

Elu yurt tinchligi, ravnaqi uchun.

Ming shukr, ozod yurt egasi bo’ldik,

Bir yurtki, zaminu osmoni toza.

Bu yurtga lol qoldi ummonlar orti,

Osiyo, Yevropa oldi andoza.

Qarshi politexnika kasb-hunar kolleji o’quvchisi Klara Otamurodova qalb tug’yonlarini shunday ifodalaydi: 

Donishmandim, oqil, valiysifat Zot,

Yengilmas ham sinmas, qoyaday sabоt.

Siz-la ozod Vatan, jannatiy, obod,

Jilg’alardek obihayot edingiz.

Alvido aytmaymiz, yonimizda Siz,

Yurt ishqida halak jonimizda Siz.

Har lahza, har nafas yodimizda Siz,

Eng suyuk, Hazrati Inson edingiz.

Quyidagi satrlar esa Buxoro viloyati, Jondor tumanidagi 8-umumiy o’rta ta'lim maktabining ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi Dilovar Bozorovaning she'ridan olindi:

Kamtarin, kamsuqum, ham dono, oqil,

Saxovat bobida beqiyos odil,

G’ururi tog’ qadar, mehri ummonim,

Xalqparvar, haqparvar, zukko sarbonim,

Dilimizda yashaysiz aziz Yurtboshim,

Yurtim osmonida porloq quyoshim.

E'tibor bering-a, maktublarning har birida mehr, sog’inch, minnatdorlik tuyg’ulari jo’sh urib turibdi.

Chunki Istiqlolimiz Me'mori, Ulug’ Yo’lboshchi, dono siyosatchining umr yo’li — Ezgulik, Taraqqiyot, Tinchlik, Omonlik, Farovonlik, Obodlik va Ozodlik yo’lidir. Biz, albatta, Birinchi Prezidentimizning munavvar orzularini ro’yobga chiqaramiz. Jonajon O’zbekistonimizning buyuk davlat imoratini bunyod etajakmiz. 

Manba: www.xs.uz

Latest in National